Javohir Sindarov Nomzodlar turnirida dunyoning TOP-5 shaxmatchisiga aylandi

eʼlon qilindi
4-aprel kuni Sindarov xitoylik Wei Yi bilan bahs olib boradi
Javohir Sindarov Nomzodlar turnirida dunyoning TOP-5 shaxmatchisiga aylandi / Foto: FIDE

3-aprel kuni Javohir Sindarov 2026-yilgi FIDE Nomzodlar turnirining 5-turida AQShlik kuchli raqibi Hikaru Nakamurani ortda qoldirib, dunyoning eng kuchli besh shaxmatchisidan biriga aylandi.

Qora donalarda oʻynagan Sindarov debyutda muvaffaqiyatli harakat qilib, raqibni qiyin ahvolga tushirdi. Nakamura 13-yurishni oʻylash uchun 67 daqiqadan ortiq vaqt sarfladi va bu Sindarovga vaqt boʻyicha katta ustunlik berdi. Natijada AQShlik shaxmatchi taslim boʻlishga majbur boʻldi.

Foto: FIDE Candidates

Bu Sindarovning turnirdagi to‘rtinchi g‘alabasi boʻlib, ketma-ket uchinchi bor gʻalaba qozondi. U 5 imkoniyatdan 4,5 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, u turnirning ikki asosiy favoriti, jumladan, AQShlik Fabiya Karuanani ham mag‘lub etdi.

Turnir doirasida Sindarovning reytingi oshdi va u jonli onlayn reytingda dunyoning TOP-5 shaxmatchisiga aylandi. Endi 4-aprel kuni 6-turda u xitoylik Wei Yi bilan bahs olib boradi. 2026-yilgi Nomzodlar turniri Kiprning Pafos shahrida 29 martda boshlanib, 15 aprelgacha davom etadi. Turnirda jami sakkiz nafar nomdor shaxmatchi ishtirok etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nomzodlar turnirida Sindarov Pragnanandha Rameshbabuni ham mag‘lub etgan edi.

Shuningdek