Mehnat qonunchiligi buzilishidan zarar ko‘rgan 1,2 ming nafar xodimga 32,3 mlrd so‘m to‘lab berildi

2024 – 2025-yillar hamda joriy yilning birinchi choragida mehnat qonunchiligi buzilishidan zarar ko‘rgan 1,2 ming nafar xodimning huquqlari tiklanib, 32,3 mlrd so‘m undirildi.
Qonunchilikka muvofiq, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi noqonuniy bekor qilinganda yoki u asossiz ravishda boshqa ishga o‘tkazilganda, yetkazilgan zarar uchun javobgarlik mansabdor shaxs zimmasiga yuklanadi.
Shuningdek, o‘tkazilgan tahlillar natijasida mehnat qonunchiligini buzgan 623 nafar mansabdor shaxs aniqlangan. Ular tomonidan yetkazilgan 11,7 mlrd so‘m zararini Davlat budjetiga qaytarish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda o‘rtacha oylik 6,4 mln so‘mga yetgani haqida yozgan edi.
2025-yil yakuniga ko‘ra nominal ish haqi 18,9 foizga, real ish haqi esa 9,3 foizga oshdi. Sohalar kesimida eng yuqori o‘rtacha ish haqi moliya va sug‘urta sohasida 17,6 mln so‘mni tashkil etdi. Axborot-kommunikatsiya xizmatlarida esa bu ko‘rsatkich 15,3 mln so‘m bo‘ldi.