
Namangan shahridagi korxonalarda salkam 944 mln so‘mlik mulkning noqonuniy tarzda ishlatilishi bilan bog‘liq holat aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Departamentning Namangan shahridagi qo‘shma korxona rahbarining murojaati yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda korxonaning Namangan va Qo‘qon filiallariga mas’ul shaxslar 943,9 mln so‘mlik alkogol mahsulotlarini belgilanmagan joylarda naqd pulga sotgani aniqlandi. Ular pullarni korxona hisob raqamiga kiritmay, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari to‘liq va har taraflama olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida noqonuniy zargarlik buyumlari savdosi fosh qilingan edi.