Oʻzbekistonda venchur bozori uch yil ichida 11 barobar oʻsdi

Oʻzbekistondagi venchur investitsiyalari bozori soʻnggi uch yil ichida 11 barobar o‘sishni qayd etdi. Bu haqda RISE Research tahlil agentligining 2025-yil uchun Oʻrta Osiyo venchur bozoriga oid hisobotida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, tadqiqot Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistonga qaratilgan. Hisobot 5-Central Eurasian Venture Forum’da Toshkentda taqdim etilib, taxminan 800 nafar investor, tadbirkor, yuqori darajali menejer va venchur fondlar vakillari qatnashdi.
2025-yilda Oʻzbekistondagi venchur bozor hajmi $99,3 mlnni tashkil etdi, jumladan, Uzum mega-raundi hisobga olinsa $65,5 mln. Agar mega-raundni chiqarib tashlasak, bozor hajmi $33,8 mlnni tashkil qilib, 2022-yildagiga nisbatan 11,3 barobar o‘sishni ko‘rsatadi. RISE Research direktori Ainur Janturina ta’kidlaganidek, Oʻrta Osiyodagi deyarli har beshinchi startap venchur moliyalashtirishni jalb qiladi, biroq moliyalashtirilgan kompaniyalar zichligi past bo‘lib, 1 mln aholiga 4,6 ta kompaniya to‘g‘ri keladi.
Sektorlar boʻyicha tahlilda eng koʻp mablagʻ e-commerce va marketpleyslarga (40%) yoʻnaltirilgan, undan keyin fintech (13%) va korporativ dasturiy ta’minot (12%) keladi. Korporativ dasturiy ta’minot tranzaksiyalar soni boʻyicha yetakchi (24%) bo‘lib, bu kichikroq, ammo koʻp sonli rauntlar va B2B segmentida keng faoliyatni koʻrsatadi.
Investitsiya bosqichlari jihatidan Oʻzbekiston bozorida asosan pre-seed va seed bosqichlari moliyalashtiriladi. $200 minggacha boʻlgan venchur tranzaksiyalar ulushi 83%, $200 – 500 ming oraligʻidagi tranzaksiyalar esa 11% ni tashkil etadi. Bu esa kelajakda rivojlangan kompaniyalar paydo boʻlishi uchun startaplar «voronka»sini yaratadi.
Investorlar tarkibi, asosan, ichki manbalardan iborat: milliy investorlar venchur kapitalining 85% ni ta’minlaydi, koʻpincha fondlar va kvazihukumat tuzilmalari orqali. Xorijiy kapital esa barqaror xorijiy venchur fondlari orqali bozorga kiradi. Shu bilan birga, 2025-yilda Oʻzbekistonda yetti yangi venchur fondi ish boshladi. Yoshlar Ventures, X-Togo, United Ventures, SQB Ventures, Imkon Ventures, Sarmo Ventures va Asaka Pharm Ventures shular jumlasidandir.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq O‘zbekistonda islomiy moliya orqali 1 milliard dollar investitsiya jalb qilinishi haqida yozgan edik.