Yangiliklar

O‘zbekiston gazlangan ichimliklar eksportini 2,9 barobarga oshirdi

2026-yilning dastlabki ikki oyida xorijga 19,9 mln dollarlik mahsulot yetkazib berildi
Rasm SI yordamida yaratilgan

2026-yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston 19 ta xorijiy davlatga 43,2 mln litr gazlangan ichimliklar eksport qildi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 2,9 barobarga o‘sgan.

Dastlabki ikki oyda amalga oshirilgan eksportning umumiy qiymati $19,9 mlnni tashkil etdi. Sotuv hajmi 2025-yilning yanvar-fevral oylariga taqqoslaganda mutlaq qiymatda 28,2 mln litrga ko‘paygan.

Asosiy xaridorlar qatorida Qozog‘iston yetakchilik qilmoqda. Ushbu davlatga 26,8 mln litr mahsulot yuborilgan. Undan keyingi o‘rinlarni 12,9 mln litr bilan Qirg‘iziston va 3 mln litr bilan Rossiya egalladi.

Shuningdek, Gruziyaga 123,2 ming, Mo‘g‘ulistonga 99,3 ming hamda boshqa davlatlarga 319,8 ming litr gazlangan ichimliklar yetkazib berilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-apreldan energetik ichimliklar va gazlangan ichimliklar uchun aksiz solig‘i joriy etilishi haqida xabar bergan edi.