O‘zbekiston milliy valyutadagi 1 mlrd dollarlik xalqaro obligatsiyalarni past stavkada joylashtirdi

O‘zbekiston xalqaro moliya bozorida milliy valyutadagi suveren obligatsiyalarni joylashtirdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
1-aprel kuni 3 yillik muddatga mo‘ljallangan, $1 mlrd ekvivalentidagi obligatsiyalar 12,25% stavkada sotildi. Bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga nisbatan sezilarli darajada past: 2024-yilda 16,6%, 2025-yilda esa 15,5% atrofida bo‘lgan edi.
Mazkur joylashtirish jarayoniga AQSh, Yevropa, Buyuk Britaniya, Osiyo va Yaqin Sharq davlatlaridan qariyb 50 ga yaqin investorlar ishtirok etib, umumiy 23,4 trln so‘mlik buyurtmalar berdi. Bu esa dastlabki taklifdan qariyb 4 baravar yuqori talabni anglatadi. Natijada obligatsiyalar yuqori talab fonida nisbatan past stavkada joylashtirildi.
Bunday natija O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, makroiqtisodiy barqarorlik va investitsion jozibadorlikning ortib borayotgani bilan izohlamoqda. Xususan, «O‘zbekiston–2030» strategiyasi doirasida belgilangan maqsadlar va iqtisodiy o‘sish istiqbollari investorlar e’tiborini tortmoqda.
Shuningdek, global geosiyosiy vaziyat murakkabligiga qaramay, mamlakatning suveren kredit reytingi ijobiy baholanayotgani ham muhim omil bo‘ldi.
Ushbu emissiya mintaqaviy miqyosda ham muhim voqea sifatida qayd etildi. Markaziy va Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq hamda Afrika hududlarida so‘nggi 15 yil ichida milliy valyutada amalga oshirilgan eng yirik obligatsiya joylashtirishlardan biri bo‘ldi.
Bundan tashqari, mazkur obligatsiyalarni xalqaro GBI–EM indeksiga kiritish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Agar bu amalga oshsa, yuzlab milliard dollarlik aktivlarni boshqaruvchi yirik fondlar uchun O‘zbekiston bozori yanada jozibador bo‘lib, kelajakda foiz stavkalarini pasaytirish imkoniyati kengayadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi obligatsiyalari to‘liq sotilgani haqida yozgandi.