Qanday qoidabuzarliklar uchun jarima ballari qo‘llanmaydi

Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining qayd etishicha, bir qator qoidabuzarliklar uchun jarima ballari belgilanmaydi. Bu haqda tashkilot matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshevning Telegram-kanalida ma’lum qilindi.
Amaldagi tartibga binoan, jarima ballari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 12-moddasi asosida qo‘llanadi. Biroq ayrim holatlar bundan mustasno hisoblanadi. Xususan, piyodaga yo‘l bermaslik, xavfsizlik kamaridan foydalanmaslik, telefon ishlatish hamda ichki ishlar organlari xodimlariga bo‘ysunmaslik kabi qoidabuzarliklar uchun jarima ballari qo‘llanmaydi.
Tashkilot fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardagi har qanday ma’lumotga ishonib ketmaslikka chaqirmoqda. Jarima ballari faqat qonunchilikda aniq belgilangan qoidabuzarliklarga nisbatan qo‘llanadi. Shuningdek, qaysi qoidabuzarlik uchun qancha jarima balli berilishi haqida to‘liq ma’lumotlar rasmiy manbalarda e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan endi yo‘l qoidabuzarligi uchun jarima to‘g‘ridan to‘g‘ri haydovchiga yozilishi haqida yozgan edi.