Yangiliklar

Qashqadaryoda YTHdan zarar ko‘rgan fuqaroga 9,2 million so‘m sug‘urta puli undirib berildi

Qonunchilikka ko‘ra, iste’molchini qo‘shimcha xizmat yoki mahsulotni majburan tanlashga undash taqiqlanadi
Foto: thodonal / www.depositphotos.com

Bank va sug‘urta tashkilotlari bilan bog‘liq shikoyatlar tekshirilib, katta miqdordagi mablag‘lar, jumladan, 9,2 mln so‘mgacha to‘lovlar qaytarildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mita tomonidan ushbu murojaatlar qonunchilik asosida batafsil o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va fuqarolar huquqlarini tiklash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Qashqadaryo viloyati

Ko‘kdala tumanida yashovchi fuqaro Inpex Insurance kompaniyasidan norozi bo‘lib murojaat qilgan. Tekshiruv natijasida yo‘l-transport hodisasi oqibatida yetkazilgan zarar uchun fuqaroga 9,2 mln so‘m sug‘urta puli to‘lab berildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

«Abdulla Xojaniyaz» OK tomonidan «Agrobank»ning To‘rtko‘l filialida kredit olishda faqat bitta sug‘urta kompaniyasini tanlash majburiy etilgani yuzasidan shikoyat kelib tushgan. O‘rganish davomida bank tomonidan zarur ma’lumotlar taqdim etilmagani aniqlanib, qonunbuzarlik sifatida baholandi. Natijada bankka kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berilib, moliyaviy jarima qo‘llanildi.

Navoiy viloyati

Karmana tumanida yashovchi fuqaro kreditni muddatidan oldin yopganidan so‘ng sug‘urtaning foydalanilmagan qismini qaytarish masalasida murojaat qilgan. Tekshiruv natijasida 1,22 mln so‘m mablag‘ fuqaro hisobiga qaytarildi.

Jizzax viloyati

Fuqaro mikroqarzini oldindan yopganiga qaramay sug‘urta puli qaytarilmagani bo‘yicha murojaat qilgan. Natijada 2,1 mln so‘m foydalanilmagan mablag‘ uning bank kartasiga o‘tkazildi.

Farg‘ona viloyati

Toshloq tumanida yashovchi fuqaro ishlab chiqarishda jarohat olganiga qaramay sug‘urta to‘lovi amalga oshirilmagani yuzasidan murojaat qilgan. Tekshiruvdan so‘ng sug‘urta hodisasi tasdiqlanib, 1 mln so‘m to‘lov amalga oshirildi.

Buxoro viloyati

Fuqaro kreditni muddatidan oldin yopganiga qaramay sug‘urta shartnomasi bekor qilinmagani va mablag‘ qaytarilmagani haqida murojaat etgan. Natijada shartnoma bekor qilinib, foydalanilmagan sug‘urta puli to‘liq qaytarildi.

Qonunchilikka ko‘ra, iste’molchini qo‘shimcha xizmat yoki mahsulotni majburan tanlashga undash taqiqlanadi. Shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olish ham noqonuniy hisoblanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mehnat qonunchiligi buzilishidan zarar ko‘rgan 1,2 ming nafar xodimga 32,3 mlrd so‘m to‘lab berilgani haqida yozgandi.