Yangiliklar

Rossiya benzin eksporti bo‘yicha cheklovlarni avgustgacha uzaytirdi

Mazkur cheklovlar 31-iyulgacha amal qiladi
Foto: Pexels.com

Rossiya hukumati benzin eksportiga oid vaqtinchalik taqiqlarni kengaytirib, endilikda ularni neft mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga ham tatbiq etdi. Mazkur cheklovlar 31-iyulgacha amal qiladi, deb yozadi Rossiya hukumatining rasmiy sahifasida.

Unga ko‘ra, ushbu qaror ichki yonilg‘i bozorida barqarorlikni saqlash maqsadida qabul qilingan. Ayniqsa, yozgi mavsumda talab oshishi va qishloq xo‘jaligi ishlari faollashishi fonida yonilg‘i ta’minotini nazorat qilish muhim deb baholanmoqda.

Shuningdek, global omillar ham qarorga ta’sir qilgan. Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat sabab jahon bozorida neft narxlari oshib borayotgani qayd etilmoqda. Xususan, Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat keskinlashgani energiya resurslari savdosiga xavf tug‘dirgan.

Avvalroq Eron ushbu hudud orqali neft va gaz tashish masalasida cheklovlar kiritilishi mumkinligini bildirgan, biroq keyinchalik ayrim davlatlar uchun tranzit ochiq qolishi aytilgan.

Kreml esa bu vaziyat fonida Rossiya energiya resurslariga xalqaro talab ortayotganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, yangi cheklovlar xalqaro hukumatlararo kelishuvlar doirasidagi benzin yetkazib berishlarga tatbiq etilmaydi. Qaror rasmiy e’lon qilingan paytdan boshlab kuchga kirgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiya benzin va dizel eksportiga qoʻyilgan taqiqni 2026-yil fevral oxirigacha uzaytirgani haqida yozgandi.