«Samarqand 2028» sun’iy yo‘ldoshi may oyida uchiriladi

«Samarqand 2028» sun’iy yo‘ldoshi may oyida uchiriladi. Bu haqda Toshkentda o‘tgan Space Technology Conference 2026 xalqaro anjumanida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, loyiha Xitoyning StarVision kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Mazkur sun’iy yo‘ldosh giperspektral texnologiyaga asoslangan bo‘lib, turli sohalarda keng qo‘llanishi rejalashtirilgan. Loyiha O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-texnologik hamkorlikning muhim natijasi sifatida baholanmoqda.
O‘tgan yili tomonlar sun’iy yo‘ldosh texnologiyalarini rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ilmiy integratsiyani kuchaytirish bo‘yicha memorandum imzolagan edi.
Oldinroq Shavkat Mirziyoyevga mamlakatda sun’iy yo‘ldoshlar uchirish va milliy fazogirlarni tayyorlash bo‘yicha axborot berilgan edi. Unda 2028-yilda Mirzo Ulug‘bek nomi bilan atalgan 6U formatdagi ilmiy sun’iy yo‘ldoshni uchirish taklif qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonning birinchi kosmonavti kim bo‘lishi haqida yozgan edi.