Avto

Skoda Scala avtomobili Avstraliya bozoridan ketishi mumkin

2025-yilda Avstraliyada ushbu model atigi 249 dona sotilgan
Skoda Scala avtomobili Avstraliya bozoridan ketishi mumkin
Foto: Skoda

Skoda Scala modeli Avstraliya bozorini tark etishi mumkin. Kompakt xetchbek savdolari keskin pasaygani sabab kompaniya uning kelajagini qayta ko‘rib chiqmoqda.

2025-yilda Avstraliyada ushbu model atigi 249 dona sotildi. Bu ko‘rsatkich 2024-yildagi natijadan deyarli ikki baravar kam. O‘sha yili 416 ta avtomobil realizatsiya qilingan edi. Shunday qilib, Scala savdolari tarixiy minimum darajaga tushdi. Bu holat Skoda rahbariyatini jiddiy qaror qabul qilishga majbur qilmoqda. Kompaniyaning Avstraliyadagi bo‘limi rahbari Lucy Kuhn model taqdiri bozor tahliliga bog‘liq ekanini bildirdi.

Unga ko‘ra, hozir Scala’ning kelajagi bo‘yicha qo‘shimcha tadqiqotlar olib borilmoqda. Natijalarga qarab modelni bozorda qoldirish yoki olib tashlash masalasi hal qilinadi. Avvalroq Scala’ning asosiy xaridorlari yirik ijara kompaniyalari bo‘lgan. Biroq so‘nggi paytda korporativ mijozlar tomonidan talab keskin kamaygan. Bu esa umumiy savdolarga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Foto: Skoda

Ekspertlar fikricha, avtomobil bozorida krossoverlar ulushining oshishi ham xetchbeklarga bo‘lgan qiziqishni pasaytirgan. Shu bilan birga, Skoda kelajakda yangi loyihalarga e’tibor qaratmoqda. Kompaniya 2027-yilda yirik elektr krossover taqdim etishni rejalashtirgan.

Agar savdolar tiklanmasa, Skoda Scala uchun Avstraliya bozorida bu davr yakunlanishi mumkin.

Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi SU7 elektromobili 40 mingdan ortiq buyurtma olgani haqida yozgan edi.