«TIQXMMI» Milliy tadqiqot universitetida Umummuhandislik fakulteti tashkil etiladi

eʼlon qilindi
Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumi binosida
«TIQXMMI» Milliy tadqiqot universitetida Umummuhandislik fakulteti tashkil etiladi / Foto: Facebook

«Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universiteti tarkibida yangi Umummuhandislik fakulteti tashkil etilishi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Qarorga muvofiq, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab universitetda mahalliy va xorijiy talabalar uchun akademik fanlar bo‘yicha maxsus tayyorlov kursi ochiladi. Ushbu kurs STEAM fanlari, til bilimlari, akademik yozish va milliy strategik mezonlarga asoslangan bo‘lib, bir yil davomida to‘lov-kontrakt asosida xalqaro standartlarga muvofiq o‘qitiladi. 2027/2028-o‘quv yilidan maxsus tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar universitetga imtihon asosida to‘lov-kontrakt bilan qabul qilinadi.

Shuningdek, universitetga «texnikum–oliygoh» tamoyili asosida Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumi biriktiriladi. Texnikum binosida Umummuhandislik fakulteti faoliyat boshlaydi. Bu fakultet talabalarni amaliy va nazariy bilimlarni uyg‘unlashtirilgan holda egallash imkonini beradi.

Bundan tashqari, universitetdagi «Suv diplomatiyasi» magistratura mutaxassisligi «Xalqaro suv diplomatiyasi» mutaxassisligiga o‘zgartiriladi. Ushbu mutaxassislik bitiruvchilariga «Xalqaro suv munosabatlari sohasida mutaxassis» malakasi beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash tizimi yangi tartibga o‘tkazishi haqida yozgan edik.

Shuningdek