To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha yagona agentlik tashkil etiladi

eʼlon qilindi
Adliya vazirligi huzurida
To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha yagona agentlik tashkil etiladi / Foto: ITIM

O‘zbekistonda Adliya vazirligi huzurida To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha yagona agentlik tashkil etiladi. Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan korxonalarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha yangi tizim va yondashuvlar bilan tanishdi.

Unga ko‘ra, mamlakatda 300 mingdan ortiq yakka tartibdagi tadbirkor va 5,5 mln nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs faoliyat yuritmoqda. Xususiy biznesning iqtisodiyotdagi ulushi so‘nggi besh yilda 45 foizdan 58 foizga oshdi. Joriy yilda kichik va o‘rta biznesga 140 trln so‘m kredit ajratish, banklar orqali jalb qilinayotgan $8 mlrd tashqi resurslarni mahalliy tadbirkorlikka yo‘naltirish hamda hududlarga 20 trln so‘m ajratish rejalashtirilgan.

Biroq, moliyaviy ahvoli og‘ir tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash tizimida bir qator muammolar mavjud. Faoliyat ko‘rsatmayotgan va faoliyati tugatilgan kichik korxonalar soni oshmoqda. To‘lovga qobiliyatsizlik taomillari yetarlicha qo‘llanmayapti: 93 ming tadbirkorning atigi 10 mingtasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan, sudgacha va sud sanatsiyasi tizimi samarali ishlamayapti, so‘nggi besh yilda atigi 68 ta korxonaga sanatsiya qo‘llanilgan, shundan faqat 7 tasi faoliyatini tiklagan.

Sud boshqaruvchilari faoliyati ham tanqid qilindi. Ish yuritish muddatlari buzilgan, asossiz xulosalar berilgan, soxta bankrotlik alomatlarini o‘rganish mexanizmi yetarli emas. Shu bilan birga, sohaga raqamli yechimlar joriy etilmagan, onlayn monitoring va nazorat tizimi ishlamayapti, bankrot korxonalarning ochiq reyestri mavjud emas va davlat organlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvi yetarli emas.

Shu munosabat bilan, Adliya vazirligi huzurida To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha agentlik tashkil etiladi. Sud boshqaruvchilari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Sud boshqaruvchilari palatasi tuziladi. Shuningdek, moliyaviy ahvoli og‘ir biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi moliyaviy mexanizmlar – Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi va past foizli kredit liniyalari joriy etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq har yili yoshlarning eng yaxshi biznes va startap loyihalarini aniqlash va rag‘batlantirishga qaratilgan «Yosh tadbirkorlar» chempionati o‘tkazilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek