
Toshkent shahrida yagona dizayn-kod joriy etilishi doirasida noqonuniy o‘rnatilgan peshlavha va reklamalar uchun kompensatsiya to‘lanmaydi, faqat qonuniy ruxsatnomasi bor obyektlargagina xarajatlar qoplab beriladi. Bu haqda shahar hokimligida soha mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan maxsus matbuot anjumanida qurilish boshqarmasi boshlig‘i Yodgorbek Ikramov ma’lum qildi.
Tadbirda strategik rivojlanish bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari Rustam Qodirov, shahar hokimining transport masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev, shahar bosh arxitektori — qurilish boshqarmasi boshlig‘i Yodgorbek Ikramov qatnashdi.

Yig‘ilishda shahar muhitini yaxshilash, peshlavhalar, reklama elementlari, yoritish va yo‘l infratuzilmasini yagona standartlar asosida tartibga solish, trotuarlarda xavfsiz makon yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.
Dizayn-kod talablariga moslashtirish ishlarini tadbirkorlar my.gov.uz portali orqali arizalar kiritgan holda, o‘z hisobidan amalga oshiradi. Qurilish boshqarmasi boshlig‘i Yodgorbek Ikramov noqonuniy qurilmalar masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

«Agar tadbirkorlar tarafdan noqonuniy qilib, kelishmasdan peshlavhalari yoki reklamalar yozilgan bo‘lsa, bu narsa uchun kompensatsiya to‘lanmaydi. Oldindan ruxsat olib qilingan narsalar bo‘lsa, bunga to‘lab beriladi», — deb ta’kidladi Yodgorbek Ikramov.
Qoidalarni buzgan bino egalari dastlab ogohlantirilishi, talab bajarilmagan taqdirda esa jarimaga tortilishi aytildi.

Shuningdek, yo‘llardagi tirbandliklarning oldini olish va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida poytaxtdagi 340 ta bekatdan 120 tasi savdo shoxobchalaridan tozalandi. Kelgusida shaharning 10 ta hududida 140 gektarlik yirik bog‘lar, sun’iy ko‘llar, shuningdek, maxsus ajralib turuvchi velosiped yo‘laklari va 24/7 rejimida ishlovchi gastronomik ko‘chalar bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent shahrining dizayn-kodi jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgani haqida xabar bergan edi.