Avto

Volvo 15-aprel kuni EX90 va ES90 elektromobillarini taqdim qiladi

Volvo EX90 SPA2 platformasiga asoslangan
Volvo 15-aprel kuni EX90 va ES90 elektromobillarini taqdim etadi
Foto: Yiche

Volvo kompaniyasi 15-aprel kuni o‘zining 99 yilligi munosabati bilan yangi elektromobillarini namoyish etadi. Tadbirda Xitoyda ishlab chiqarilgan Volvo EX90 va Volvo ES90 modellari taqdim qilinadi.

Volvo EX90 SPA2 platformasiga asoslangan bo‘lib, kompaniyaning yangi dizayn uslubida yaratilgan. Old qismida yopiq panjara va «Tor bolg‘asi» shaklidagi faralar mavjud. Kuzov uzunligi 5037 mm, g‘ildirak bazasi 2985 mmni tashkil etadi.

Foto: Yiche

Model ikki xil quvvat variantida taklif etiladi. Past quvvatli versiyada old motor 232 ot kuchi, orqa motor 170 ot kuchi beradi. Kuchli versiyada esa 241 va 268 ot kuchiga ega motorlar ishlatiladi. Har ikkala variantda litiy-ion batareya qo‘llanilgan.

Volvo ES90 esa yanada zamonaviy va aerodinamik dizaynga ega. Model LiDAR texnologiyasi bilan jihozlanishi mumkin. Ushbu tizimda radarlar, kameralar va sensorlar ishlatiladi. Hisoblash quvvati 508 TOPS darajasiga yetadi.

Foto: Yiche

ES90 Volvo‘ning 800 voltli platformasidagi ilk modeli bo‘ladi. Bu esa tezkor zaryadlash imkonini beradi. Avtomobil 10 foizdan 80 foizgacha atigi 20 daqiqada zaryadlanadi. Bir zaryadda 700 km dan ortiq masofa bosib o‘tishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Volvo Lynk & Co brendinining Yevropadagi nazoratini qo‘lga olgani haqida yozgan edi.