
Xitoyning Tencent Video texnologiya giganti it va mushuklar uchun mo‘ljallangan Xitoydagi birinchi 24 soatlik Pet TV striming kanalini ishga tushirdi.
Kanal platformaning VIP obunachilari uchun oyiga taxminan 25 yuan ($3,6) evaziga taqdim etiladi. KPMG xalqaro audit kompaniyasining 2025-yildagi hisobotiga ko‘ra, Xitoyning urbanizatsiyalashgan hududlarida uy hayvonlari bozori 2024-yilda 300 mlrd yuan ($44 mlrd)dan oshgan. Ushbu ko‘rsatkich 2027-yilga borib 400 mlrd yuan (58 mlrd)dan o‘tishi kutilmoqda.

Pet TV kontenti Amerikaning DogTV tarmog‘i dasturlari va kompaniyaning o‘z original videolarini birlashtiradi. Dasturlar hayvonlarning ko‘rish xususiyatlariga mos keluvchi ranglar, kadrlar yangilanish tezligi va audio chastotalar asosida ilmiy jihatdan tayyorlangan. Kompaniya xabariga ko‘ra, harakatlanuvchi qushlar va baliqlar tasviri mushuklarning ov qilish bilan bog‘liq psixologik ehtiyojlarini qondiradi.
Kompaniya o‘tkazgan so‘rovnomalar shuni ko‘rsatdiki, it egalarining 66 foizi uydan chiqib ketayotganda televizorni yoqiq qoldiradi. Sinov dasturida qatnashgan itlarning 85 foizi o‘zini juda xotirjam tutgan va egalari ishdan qaytishini itoatkorlik bilan kutgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan YouTube reklama ortidan 40 milliard dollardan ko‘proq daromad olgani haqida xabar bergan edi.