
28-fevral kuni AQSh va Isroilning Eronga berilgan zarbalaridan keyin boshlangan Yaqin Sharqdagi urush oqibatida jami 5 mingdan ziyod odamning umriga zomin bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Eronda 3527 kishi halok bo‘lgan. Ularning 1606 nafari tinch aholi, jumladan, kamida 244 nafari bolalardir. Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlari federatsiyasi esa hozirgacha Eron hududida kamida 1900 kishi halok bo‘lgani va 20 ming kishi jarohat olganini bildirdi.
Livanning bayonot berishicha, 2-martdan buyon Isroil zarbalari oqibatida mamlakatda kamida 1345 kishi halok bo‘lgan, ularning 124 nafar yosh bolalar bo‘lgan. «Hizbulloh» guruhining 400 dan ortiq jangchilari ham halok bo‘lgan, ammo rasmiy raqamlar bundan farq qilmoqda. Shuningdek, kamida 9 nafar livanlik harbiy xizmatchi ham halok bo‘lgan.
Iroqda mojaro boshlanganidan beri kamida 108 kishi halok bo‘ldi. Ularning tarkibida tinch aholi, Eron bilan aloqador shia qurolli kuchlari, AQSh bilan ittifoqdagi kurd peshmerga jangchilari, politsiya va harbiylar bo‘lgan. Shu bilan birga, Iroq porti yaqinidagi tankerga uyushtirilgan hujumda bir nafar xorijiy ekipaj a’zosi hayotdan ko‘z yumgan.
Eron va Livandan uchirilgan raketalar oqibatida Isroilda 19 kishi halok bo‘lgan. Janubiy Livandagi harbiy operatsiyalar davomida Isroilning 10 nafar askari ham o‘lgan. AQSh tomonida 13 nafar harbiy xizmatchining o‘limi qayd etilgan bo‘lsa, ularning 6 nafari Iroq osmonida harbiy yonilg‘i quyish samolyoti halokatga uchrashi oqibatida vafot etgan. 7 nafar harbiy xizmatchi esa Eron bilan bog‘liq operatsiyalar davomida jon bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rim papasi Trampni Eron urushi masalasida tanqid qilgan edi.