Yillik inflyatsiya darajasi 7,3 foiz atrofida saqlanib qolmoqda — Markaziy bank

Markaziy bank raisi Timur Ishmetovga ko‘ra, yillik inflyatsiya darajasi 7,3 foiz atrofida saqlanib qolmoqda. Bu haqda u «Ozbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida qayd etdi.
«Yillik hisobda inflyatsiyamiz shu 7,3 foizi saqlanib qolmoqda, lekin bu yilda uni 6,5 foizgacha pasaytirish rejamiz bor edi. Lekin dunyodagi bo‘lgan o‘zgarishlar, neft narxining o‘zgarishi, umuman logistikada uzilishlar, albatta, kelajakda bizga shu import qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari, energetikaning narxini oshishi hisobiga, umuman boshqa tovarlarga ham ta’sirining bo‘lishini hisobga olib, nima oldindan chora ko‘rishimiz kerakligi belgilab olindi», — deya qayd etgan regulyator rahbari.

Joriy yilning dastlabki ikki oyida O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarishi 7,7 foizga, xizmatlar sohasi esa 15,4 foizga oshdi. Shu davrda $3,5 mlrd eksport amalga oshirildi. Mamlakat iqtisodiyotiga $8,3 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilindi.
Hududlar kesimida rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratildi. To‘qqizta viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun respublika budjetidan 2,3 trln so‘m va 500 mln dollar yo‘naltirildi. «Yangi O‘zbekiston» qiyofasi berilgan 33 ta tuman va 330 ta mahalla uchun mahalliy budjetlarga 3,9 trln so‘m ajratildi. Og‘ir toifadagi 37 ta tuman va 903 ta mahallaga ham 3,9 trln so‘m, qo‘shimcha ravishda mahalliy budjetlardan 1,3 trln so‘m yo‘naltirildi.

Shuningdek, 283 ta drayver loyihani amalga oshirish uchun birinchi bosqichda 1 trln so‘m ajratildi. Yil yakuniga qadar infratuzilmani rivojlantirish ishlari davom ettiriladi. Gavjum ko‘chalar, sohilbo‘yi va yo‘lbo‘yi hududlarni obodonlashtirish uchun 1,2 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri nuammoli kreditlar ulushi yuqori bo‘lgan mikromoliya tashkilotlari ma’lum qilingani haqida yozgan edi.