AQShda Xitoy avtomobillarini toʻliq taqiqlash masalasi koʻrib chiqilmoqda

AQShda Xitoy avtomobillarini bozordan butunlay siqib chiqarish ehtimoli muhokama qilinmoqda. Bir guruh senatorlar prezident Donald Trampga murojaat etib, Xitoy avtokompaniyalariga nisbatan yanada qat’iy choralar koʻrishni soʻradi.
Taklifga koʻra, nafaqat Xitoydan toʻgʻridan toʻgʻri import, balki Shimoliy Amerikada ishlab chiqarilgan avtomobillarga ham cheklov joriy etilishi mumkin. Bu esa Meksika va Kanada orqali kirib kelayotgan modellarni ham qamrab oladi.
Hozirda AQShda Xitoy avtomobillariga qariyb 100 foizlik bojlar amal qilmoqda. Bundan tashqari, Xitoy dasturiy ta’minotiga ega mashinalarga nisbatan ham cheklovlar mavjud.
Shunga qaramay, texnologik va arzon modellari bilan ajralib turuvchi BYD kabi brendlarga qiziqish ortmoqda. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun raqobat bosimini kuchaytiryapti.
Agar taqiq kuchga kirsa, AQSh bozori Xitoy avtomobillari uchun deyarli yopiladi. Bu Xitoy kompaniyalarini boshqa hududlarga faolroq chiqishga undashi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoy avtomobillari ikki yilda 36 foizgacha qadrsizlangani haqida xabar bergan edi.