Yangiliklar

Durov Telegramʼni bloklashni qiyinlashtirishga va’da berdi

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada 65 mln foydalanuvchi hanuz Telegramʼdan har kuni foydalanadi
Foto: Depositphotos.com

Pavel Durov Telegram messenjerini yanada rivojlantirish va uning trafigini aniqlash hamda bloklashni qiyinlashtirish ustida ishlashini bildirdi. Bu haqda oʻz sahifasida malum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, Rossiyada 65 mln foydalanuvchi hanuz Telegramʼdan har kuni foydalanadi, shundan 50 mln kishi muntazam xabar almashadi. Bu esa cheklovlarga qaramay platforma ommabopligini saqlab qolayotganini koʻrsatadi.

Durov hukumatlarning messenjerlar va VPN xizmatlarini bloklashga urinishlari aks ta’sir berayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, bunday choralar texnik nosozliklarga olib kelib, hatto ayrim hollarda toʻlov tizimlarida uzilishlar yuzaga kelgan.

U Eron tajribasini ham misol keltirdi. Durovga koʻra, u yerda Telegram taqiqlangach, aksincha VPNʼdan foydalanish keskin oshgan. Shunga oʻxshash holat Rossiyada ham kuzatilmoqda.

«Biz Telegram trafigini yanada murakkablashtiramiz va bloklashni qiyinlashtirishda davom etamiz», – dedi Durov.

Avvalroq Rossiyada messenjer faoliyati bosqichma-bosqich cheklanayotgani haqida xabarlar paydo boʻlgan edi. Foydalanuvchilar platformada sekinlashuv va uzilishlardan shikoyat qilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pavel Durovning boyligi ikki baravardan koʻproq kamaygani haqida xabar bergan edi.