Neft narxi 150 dollardan oshishi mumkin, MobiUz xususiylashtirilishida yangi muddat belgilandi — 4-aprelning muhim yangiliklari

Kursiv Uzbekistan 4-aprel kuni e’lon qilingan muhim yangiliklarni bir joyga jamladi.
Toshkentda bank eksperti 10 ming dollar pora bilan ushlandi

Toshkent shahridagi yirik tijorat banklaridan birida ishlovchi xodim $10 ming miqdoridagi noqonuniy mablagʻni olayotgan vaqtida qoʻlga olindi. Tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan.
Ma’lum qilinishicha, bankning katta eksperti xizmat koʻrsatish sohasida faoliyat yurituvchi MChJ rahbaridan pul talab qilgan. U oʻzining tanishlari orqali Samarqand viloyatidagi banklardan biridan 1,2 mlrd soʻm kredit olib berishni va’da qilgan.
MobiUz xususiylashtirilishida yangi muddat belgilandi

MobiUzʼni xususiylashtirish boʻyicha investorlar uchun takliflar qabul qilish muddati uzaytirildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) ma’lum qildi.
Agentlikning ta’kidlashicha, endi savdo ishtirokchilar yaxshilangan majburiy takliflarini 20-aprel kuni soat 23:59 gacha (Toshkent vaqti bilan) qayta taqdim etishi mumkin. Bu qaror savdo jarayonida maksimal iqtisodiy samaraga erishish hamda raqobat muhitida eng maqbul natijani ta’minlash maqsadida qabul qilingan. Shu doirada ayrim parametrlar takomillashtirilishi mumkinligi qayd etildi.
«Buyuk ipak yoʻli» metrosi yaqinidagi chorrahada ikki qavatli yoʻl quriladi

Toshkentda «Buyuk ipak yoʻli» metro bekati yaqinidagi chorraha qayta qurilishi rejalashtirilmoqda. Loyiha Yoʻl harakatini tashkil etish markazi tomonidan jamoatchilikka taqdim qilindi, deya xabar bermoqda shahar hokimligi.
Rejaga koʻra, Mustaqillik shohkoʻchasi, Mirzo Ulugʻbek va Buyuk ipak yoʻli kesishmasida ikki qavatli yoʻl oʻtkazgich barpo etiladi. Ushbu hudud poytaxtdagi eng tirband nuqtalardan biri boʻlib, harakat koʻpincha qoʻlda boshqariladi.
Neft narxi 150 dollardan oshishi mumkin

Yaqin Sharqdagi keskinlik fonida tez orada neft narxi $120 – 130 gacha koʻtarilishi mumkin. Bu haqda JPMorgan Chase tahlilchilari oʻz prognozlarini bildirdi.
Ta’kidlanishicha, agar Hormuz boʻgʻozi orqali yetkazib berishdagi uzilishlar davom etsa, narxlar $150 dan ham oshishi ehtimoli bor. Bankning asosiy ssenariysiga koʻra, boʻgʻozdagi harakat muzokaralar orqali tiklanadi. Shunda ikkinchi chorak davomida neft $100 dan yuqori darajada saqlanadi. Yilning ikkinchi yarmida esa narxlar asta-sekin pasayishi mumkin.
AQShda Xitoy avtomobillarini toʻliq taqiqlash masalasi koʻrib chiqilmoqda

AQShda Xitoy avtomobillarini bozordan butunlay siqib chiqarish ehtimoli muhokama qilinmoqda. Bir guruh senatorlar prezident Donald Trampga murojaat etib, Xitoy avtokompaniyalariga nisbatan yanada qat’iy choralar koʻrishni soʻradi.
Taklifga koʻra, nafaqat Xitoydan toʻgʻridan toʻgʻri import, balki Shimoliy Amerikada ishlab chiqarilgan avtomobillarga ham cheklov joriy etilishi mumkin. Bu esa Meksika va Kanada orqali kirib kelayotgan modellarni ham qamrab oladi.
Durov Telegramʼni bloklashni qiyinlashtirishga va’da berdi

Pavel Durov Telegram messenjerini yanada rivojlantirish va uning trafigini aniqlash hamda bloklashni qiyinlashtirish ustida ishlashini bildirdi. Bu haqda oʻz sahifasida ma’lum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, Rossiyada 65 mln foydalanuvchi hanuz Telegramʼdan har kuni foydalanadi, shundan 50 mln kishi muntazam xabar almashadi. Bu esa cheklovlarga qaramay platforma ommabopligini saqlab qolayotganini koʻrsatadi.