5-aprel kuni qaysi hududlarda yomg‘ir kutilmoqda

Bugun, 5-aprel kuni O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin, ayrim joylarda shamol kuchayib, chang-to‘zonlar yuzaga keladi. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Kunduzi respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoli bor. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida kechga tomon yog‘ingarchilik kuzatiladi. Sirdaryo viloyati hamda Surxondaryo viloyatida esa yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Ba’zi hududlarda ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol tezligi odatda 7–12 m/s atrofida bo‘ladi, ayrim joylarda 13–18 m/s gacha kuchayib, chang-to‘zonlar bilan kechishi ehtimoli bor. Havo harorati kunduzi 22–27 daraja iliq bo‘ladi.
Toshkentda ertalab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin, kun davomida esa yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 3–8 m/s tezlikda esadi, harorat 22–24 darajani tashkil etadi.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir va momaqaldiroq ehtimoli saqlanib qoladi, ayrim joylarda tuman tushadi. Shuningdek, sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin. 2000 metrdan yuqori hududlarda qor ko‘chishi xavfi mavjud. Bu hududlarda harorat 10–15 daraja atrofida bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bir qator tog‘li hududlarda qor ko‘chish xavfi e’lon qilingani haqida yozgandi.