
Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xususiy sektorni rivojlantirish va investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilgan. Hozirgi kunda iqtisodiyotdagi davlat ulushi 42 foizni tashkil etadi va davlat ishtirokidagi korxonalarning soni 1685 taga yetgan. O‘tgan yili qariyb 30 trln so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtirilib, budjetga 10 trln so‘mdan ortiq tushum kiritilgan. Shu bilan birga, yer uchastkalarini sotish hajmi 6 trln so‘mga yetgan.
Xususiylashtirish jarayonlarida ish o‘rinlarini saqlash, yangi mulkdorlar tomonidan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish talablarining kuchaytirilishi muhimligi ta’kidlandi. O‘tgan yili samarasiz ishlayotgan davlat korxonalarining soni 362 taga yetgani, shuningdek, 451 ta moliyaviy holati og‘irlashgan korxonaning 2024-yilda 14 trln so‘m, 362 ta esa 4 trln so‘m zarar ko‘rganligi qayd etildi. Shu sababli davlat korxonalarining faoliyatini chuqur tahlil qilish va moliyaviy barqarorligini baholash tizimini takomillashtirish zarur.
Yig‘ilishda yer uchastkalari va davlat mulkidan samarali foydalanish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Bo‘sh turgan maydonlarni iqtisodiy aylanmaga kiritish, binolarni savdo va ijaraga chiqarish, shuningdek, saqlash va kommunal xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Shu bilan birga, «E-auksion», «Yerelektron», «O‘zbekkosmos», «Shaffof qurilish» va «UzKAD» tizimlarini integratsiya qilgan holda yerlarni onlayn monitoring qilish taklifi berildi.
Shuningdek, yirik davlat aktivlari, jumladan, «UzAuto Motors», «Navoiyazot» va issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirishga tayyorlash ishlari muhokama qilindi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligida raqamli texnologiyalar loyiha ofisini tashkil etish orqali xususiylashtirish jarayonlarini onlayn kuzatib borish va sun’iy intellekt elementlarini joriy qilish rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev soliq ma’murchiligini takomillashtirish va soliq organlari faoliyatini isloh qilishga doir taqdimot bilan tanishgan edi.