
Shavkat Mirziyoyev soliq ma’murchiligini takomillashtirish va soliq organlari faoliyatini isloh qilishga doir taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
So‘nggi ikki yilda soliq bazasining kengayishi natijasida byudjetga tushumlar iqtisodiyot sur’atlariga nisbatan tezroq oshmoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasi ham ushbu natijalarni soliq maʼmurchiligini kuchaytirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish orqali erishilayotganini e’tirof etmoqda. Tizimni izchil isloh qilish orqali 2030-yilga borib soliq tushumlarini 491,5 trln so‘mga yetkazish va iqtisodiyotdagi kuzatilmaydigan ulushni 28 foizdan 19,6 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.
Yig‘ilishda soliq tushumlarini oshirishdagi eng katta zaxira «yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirish ekani ta’kidlandi. Prezident raqamli tahlil va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanib, «aqlli» nazorat tizimini joriy etish orqali joriy yilda budjetga qo‘shimcha 30 trillion so‘m tushum ta’minlanishini ko‘rsatib o‘tdi. Bu «P2P»-operatsiyalar monitoringi, tovarlarni markirovkalash, raqamli nazoratni kuchaytirish, yuklarni hujjatsiz tashish faoliyatini aniqlash va norasmiy bandlikni rasmiylashtirish kabi mexanizmlar orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, bozorlardagi va savdo majmualaridagi 72 mingdan ortiq chakana savdo subyektlarining raqamlashtirilmagan faoliyati aniqlanib, 37 ming tadbirkor oyiga 500 ming so‘mdan kam soliq to‘lagani qayd etildi. Shu sababli, bozorlar va savdo majmualarini to‘liq raqamlashtirish, nazorat va soliq xizmatini integratsiya qilish zarurligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, strategik bo‘lmagan yirik soliq to‘lovchilarga hududlarda xizmat ko‘rsatish masalasi ham muhokama qilindi. 209 ming QQS to‘lovchi soliq organlaridan uzoqda joylashgani sababli xizmat ko‘rsatish samaradorligi past bo‘lgani qayd etildi va viloyat hamda tuman darajasida nazoratni kuchaytirish taklif qilindi. Shu bilan birga, tadbirkorlar uchun soliq ma’murchiligini soddalashtirish, avtokameral nazoratni profilaktika tizimiga aylantirish va hisobotlarni avtomatlashtirish ishlari ko‘rilmoqda. Yangi tizim tadbirkorlar uchun 8,4 trln so‘m mablag‘ni tejash imkonini beradi.
Soliq organlari faoliyatidagi eng muhim masala sifatida kadrlar salohiyati e’tiborga olindi. Malaka oshirish va uzluksiz ta’limni yo‘lga qo‘yish, xodimlarni moddiy va ijtimoiy rag‘batlantirish choralari belgilandi. Shuningdek, Soliq akademiyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ishlari ham ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbari soliq tizimini «tekshiruvdan – servisga» tamoyili asosida transformatsiya qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va nazoratning samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan korxonalarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha yangi tizim bilan tanishgan edi.