Andijon hokimi o‘rinbosari 50 ming dollar olayotganda ushlandi

eʼlon qilindi
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda
Andijon hokimi o‘rinbosari 50 ming dollar olayotganda ushlandi
Foto: Ijtimoiy tarmoq

Andijon viloyati hokimining turizm, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Isomiddin Ismanov pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Samsutdinov «Kursiv» nashriga ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, u tadbirkorga 20 sotix yer maydonini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Evaziga $50 ming talab qilgan va pulni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Unga Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 4-qismi «a» bandi hamda 28, 211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ayblov qo‘yilgan.

Mazkur ish doirasida Ismanov gumon qilinuvchi sifatida jalb etilgan. U Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasiga asosan qo‘lga olingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, I. Ismanov davlat boshqaruvi va huquq-tartibot organlarida mas’uliyatli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Jumladan, 2022–2025-yillarda — Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i, 2025-yil may oyidan — IIV Tezkor-qidiruv departamenti, tezkor vaziyatni tahlil qilish boshqarmasi boshlig‘i va 2025 yil dekabr oyida — Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Farg‘onada fermer yer maydonini noqonuniy sotmoqchi bo‘lgani haqida yozgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, fermer yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, buning evaziga $20 ming hamda 100 mln so‘m talab qilgan. U 3,7 gektar yer uchastkasini 7 gektar deb ko‘rsatib, xaridorni chalg‘itishga harakat qilgan.

Shuningdek