
5-aprel kuni soat 15:56 atrofida Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi «Beshqo‘rg‘on» savdo majmuasida yong‘in yuz berdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) xabar bermoqda.
Guvohlarning aytishicha, yong‘in natijasida bozordagi bir nechta do‘konlar alangaga o‘ralgan. Yong‘in o‘chirish ekipajlari maxsus texnika yordamida olovni qisqa vaqt ichida nazoratga olishga kirishgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Yong‘in sabablari hozircha aniqlanmoqda. Yong‘inni o‘chirish jarayonida Favqulodda vaziyatlar vaziri Azizbek Ikromov ham ishtirok etgan.
Vazirlik qutqaruvchilarning harakatlari natijasida yirik talafotlarning oldi olinganini aytmoqda. Xususan, savdo majmuasining 3000 kv.m maydoni hamda undagi moddiy boyliklar saqlab qolingan. Shuningdek, yong‘in yaqin hududdagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasi va 5 qavatli avtoturargohga tarqalishining oldi olindi.
Vaziyat Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan to‘liq nazoratga olingan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentdagi qurilish mollari do‘konida yong‘in sodir bo‘lgani haqida yozgan edi.