
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati elektrosamokatlar uchun haydovchilik guvohnomasi joriy etilgani haqidagi ma’lumotlar noto‘g‘ri ekanini ma’lum qildi. Bu haqda YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshov izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, 30-mart kuni qabul qilingan hukumat qarori asosida Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirishlar kiritilgan. Unga ko‘ra, ayrim kichik hajmdagi mototransport vositalarini boshqarish uchun A1 toifasi talab etiladi.
Biroq bu talab individual harakatlanish vositalariga taalluqli emas. Ya’ni elektrosamokat, elektr skeytbord, segvey, monog‘ildirak kabi transport vositalarini boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi kerak bo‘lmaydi.
Ammo bunday vositalarda harakatlanishda belgilangan qoidalarga amal qilish zarur: avvalo, veloyo‘laklardan foydalanish, ular bo‘lmagan holatda esa yo‘l chetidan yurish tavsiya etiladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda avtomobillar uchun «texpasport» muddati 5 yil etib belgilangani haqida yozgandi.
Shuningdek, qanday qoidabuzarliklar uchun jarima ballari qo‘llanilmasligi haqida ham xabar bergandi.