
O‘zbekistonda «Eng yaxshi metrolog» tanlovini o‘tkazish tartibi rasman belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Hukumat qarori bilan «Eng yaxshi metrolog» mukofoti bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Ushbu nizom tanlovning o‘tkazilish tartibini belgilab, qatnashuvchilar uchun aniq mezonlarni belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, tanlov uchta nominatsiya bo‘yicha o‘tkaziladi: ilmiy metrologiya yo‘nalishidagi eng yaxshi metrolog, amaliy metrologiya yo‘nalishidagi eng yaxshi metrolog va eng yaxshi yosh metrolog. Tanlov mezonlari sifatida mamlakat sanoatining rivojlanishida metrologiya sohasiga qo‘shilgan hissasi hamda ta’lim va ijtimoiy ahamiyatga ega faoliyat natijalari hisobga olinadi.
Talabgorlar har yili 10-apreldan oldin barcha zarur hujjatlarni ariza bilan birga Tanlov komissiyasi kotibiga taqdim etishlari kerak. Tanlov g‘oliblari har yili 20-may arafasida tantanali ravishda mukofotlanadi. G‘oliblarga maxsus mukofot nishoni va diplom topshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «El-yurt umidi» jamg‘armasi 2026-yil uchun stipendiya tanlovini e’lon qilingani haqida xabar bergan edik.