
Eron 6-aprel kuni Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) razvedka bo‘linmasi rahbari, general-mayor Majid Xademining halok bo‘lganini tasdiqladi.
Isroil tomoni generalni yo‘q qilganini tan olib, uni Isroil fuqarolariga qilingan raketa hujumlariga aloqadorlikda aybladi. Xabarlarga ko‘ra, general Xademi dushanba kuni erta tongda o‘ldirilgan. Hozircha voqeaning boshqa qo‘shimcha tafsilotlari ochiqlanmagan.
Isroil mudofaa vaziri Israel Kats bosh shtab rahbari tomonidan Xademining yo‘q qilingani haqida xabardor etilganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, general Isroilning tinch aholisiga qilingan halokatli raketa zarbalari uchun bevosita javobgar hisoblanadi.
«IIQK tinch aholiga qarata o‘q uzmoqda, biz esa terrorchilar yetakchilarini yo‘q qilyapmiz», — dedi Kats.
Vazirlik rahbari Eron rahbariyati nishonda ekanini aytib, Isroil Eronning po‘lat va neft-kimyo sanoatiga ham jiddiy zarar yetkazganini ta’kidladi, biroq zarbalar haqida aniq tafsilotlarni keltirmadi.
«Biz Eronning milliy infratuzilmasini vayron qilishda davom etamiz hamda terrorchi tuzumning, shuningdek, uning Isroil davlatiga zarba berish imkoniyatlarining tanazzuliga erishamiz», — deya qo‘shimcha qildi mudofaa vaziri.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh topganga 15 million dollar mukofot e‘lon qilgan meksikalik narkobaron o‘ldirilgani haqida xabar bergan edi.