Avto

GAC yangi avtomobilini namoyish etdi — foto

Modelning kuzovida LiDAR sensori ham mavjud
GAC yangi avtomobilini namoyish etdi — foto
Foto: GAC

Xitoyning GAC kompaniyasi yangi avtomobiliga tegishli tizerni taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Yangi model plug-in gibrid tizim bilan jihozlanadi. U bozorda GWM va BYD kabi yirik ishlab chiqaruvchilarga raqobatchi bo‘lishi kutilmoqda. Tashqi ko‘rinishida avtomobil klassik off-road uslubida ishlab chiqilgan. Kuzovi to‘g‘ri chiziqli, tomi tekis va chiqib turuvchi qismlari qisqa. Orqa eshigida to‘liq o‘lchamli zaxira g‘ildirak joylashgan. Shuningdek, katta yon oynalar, qora disklar va plastik himoya elementlari ham mavjud.

Foto: GAC

Texnologik jihatdan model «raqamli shassi» bilan taqdim etiladi. Bu tizim avtomobil boshqaruvini elektron tarzda amalga oshirishga mo‘ljallangan. Masalan, rul va tormoz tizimlari mexanik emas, balki elektron boshqaruvga ega bo‘lishi mumkin. Sinov jarayonida avtomobil ekstremal sharoitlarda tekshirildi. Ichki Mongoliyadagi sovuq hududlarda -30 darajagacha bo‘lgan haroratda sinovdan o‘tkazilgan. U qiya qorli yo‘llarda ham harakatlana olgani ko‘rsatilgan.

Foto: GAC

Kuzovida LiDAR sensori ham mavjud. U haydovchiga yordam beruvchi zamonaviy tizimlar bilan jihozlanishini anglatadi. Qo‘shimcha sensorlar old qanotlarda joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Haval C06 avtomobili qanday imkoniyatlar bilan chiqisi haqida yozgan edi.