Gadjetlar

Galaxy S25 qurilmalari uchun yangi Galaxy AI funksiyalari taqdim etiladi

Qo‘ng‘iroqlarni filtrlash funksiyasi ham
Galaxy S25 qurilmalari uchun yangi Galaxy AI funksiyalari taqdim etiladi / Foto: Samsung

Samsung kompaniyasi Galaxy S25 liniyasi uchun Galaxy AI’ning ayrim yangi funksiyalari joriy etilishini rasman tasdiqladi. Bu haqda Sammobile nashri ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mazkur yangiliklar dastlab Galaxy S26 seriyasida taqdim etilgan bo‘lib, ularning bir qismi endilikda oldingi avlod qurilmalariga ham yetkaziladi. Avvalroq internetda ushbu funksiyalar Galaxy S25’ga berilmasligi haqida tarqalgan xabarlar foydalanuvchilar noroziligiga sabab bo‘lgan edi.

Samsung Community forumida kompaniya vakili foydalanuvchilarga fikr-mulohazalari uchun minnatdorlik bildirib, Galaxy S25 qurilmalari uchun maxsus dasturiy yangilanish ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi. Yangilanish doirasida kengaytirilgan Galaxy AI imkoniyatlari, jumladan, One UI 8.5 tizimida ilk bor paydo bo‘lgan «aqlli» qo‘ng‘iroqlarni filtrlash funksiyasi ham taqdim etiladi.

Shuningdek, Samsung asosiy Galaxy qurilmalari uchun qo‘shimcha yangi funksiyalar va foydalanish qulayligini oshiruvchi yaxshilanishlar ustida ham ish olib borayotganini bildirgan. Ushbu o‘zgarishlar One UI 8.5’ning barqaror versiyasi tarkibida taqdim etilishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, Galaxy S26 bilan birga Audio Eraser, Now Brief, Photo Assist va Bixby kabi bir qator sun’iy intellekt funksiyalari taqdim etilgan. Hozircha ularning qaysilari to‘liq Galaxy S25’da mavjud bo‘lishi aniq emas, faqat qo‘ng‘iroqlarni AI orqali filtrlash funksiyasi tasdiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung Messages ilovasi shu yilning iyulidan ishlashni to‘xtatishi haqida xabar bergan edik.