Yangiliklar

Inflyatsiya 2017-yildan beri eng past darajaga tushdi

2026-yilning birinchi choragi yakuniga ko‘ra inflyatsiya 1,9 foizni tashkil etdi
Inflyatsiya
Foto: Morningstar.com

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida iste’mol narxlari o‘rtacha 0,6 foizga oshgan. Bu ko‘rsatkich fevral oyiga nisbatan deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa-da, o‘tgan yilga qaraganda pastroq.

2026-yilning birinchi choragi yakuniga ko‘ra inflyatsiya 1,9 foizni tashkil etdi. Eng muhim ko‘rsatkich — yillik inflyatsiya 7,1 foizgacha pasayib, 2017-yildan buyon eng past darajaga tushdi.

Tahlillarga ko‘ra, xizmatlar sohasida narxlar o‘sishining keskin sekinlashuvi umumiy inflyatsiyani pasaytirgan. O‘tgan yilga nisbatan bu segmentdagi o‘sish qariyb ikki baravar kamaygan.

Shu bilan birga, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida aksincha, o‘sish tezlashgan. Mart oyida bu yo‘nalishda 1,2 foizlik oshish qayd etilgan. Yillik hisobda esa oziq-ovqat narxlari 5,6 foizga qimmatlashgan.

Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari esa nisbatan barqaror bo‘lib, oy davomida 0,3 foizga oshgan, yillik o‘sish esa 5,3 foizni tashkil etgan.

Hududlar kesimida eng yuqori oylik inflyatsiya Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatida — 0,7% darajasida kuzatildi. Eng past yillik ko‘rsatkich esa Jizzax viloyatida (6,4%) qayd etilgan, eng yuqori daraja esa Farg‘ona viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda (7,5%).

Avvalroq Kursiv Uzbekistan yillik inflyatsiya darajasi 7,3 foiz atrofida saqlanib qolayotgani haqida yozgandi.