Yangiliklar

Kapitаl bozoridagi “tartibga solish qumdoni” rejimida rezidentlar ham ishtirok eta oladi

Rejimning amal qilish muddati cheklanmagan
Foto: Hafiza Muxtorova / Sun’iy intellekt

O‘zbekiston kapital bozorini rivojlantirish maqsadida endilikda mamlakat rezidentlari ham kapitаl bozori sohasidagi «tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisiga aylanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Kapital bozori sohasida «tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda nafaqat tan olingan xorijiy yurisdiksiyadagi norezident yuridik shaxslar, balki O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari ham ushbu maxsus huquqiy rejim ishtirokchisiga aylanishi mumkin. Shuningdek, mazkur rejimning amal qilish muddati cheklanmagan etib belgilandi.

Bundan tashqari, kapital bozori sohasida ilgari qonunbuzarliklar sodir etilgan bo‘lsa va vakolatli organning «asoslantirilgan mulohazasi» mavjud bo‘lsa, bu arizachini maxsus huquqiy rejimda ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish uchun asos bo‘lishi qayd etildi.

Shu bilan birga, ikki oy davomida hisobot taqdim etmaslik, rejim talablarini buzish yoki vakolatli organning asoslantirilgan mulohazasi mavjudligi ishtirokchi maqomini bekor qilishga sabab bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, «asoslantirilgan mulohaza» — bu vakolatli organ tomonidan qonunchilikda belgilangan talablar bilan bir qatorda qo‘llaniladigan professional baho bo‘lib, unda masalaning haqiqiy mazmuni uning rasmiy jihatlaridan ustun qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda budjet hisobi standarti xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilgani haqida yozgan edik.