Yangiliklar

Ochiq maydonlarda vaqtinchalik inshootlar o‘rnatish tartibi belgilandi

Ular faqat loyiha asosida va xavfsizlik me’yorlariga qat’iy rioya qilingan holda quriladi
Foto: Sandog

Endilikda ochiq hududlarda o‘rnatiladigan vaqtinchalik inshootlar uchun aniq talablar joriy etildi. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan yangi tartib davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Ular faqat loyiha asosida va xavfsizlik me’yorlariga qat’iy rioya qilingan holda quriladi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, bunday inshootlar faqat malakali mutaxassislar tomonidan va loyiha hujjatlari asosida o‘rnatilishi shart. Ular shamol, yomg‘ir va zilzila kabi tashqi ta’sirlarga bardosh bera oladigan darajada mustahkam bo‘lishi kerak.

Shuningdek, inshoot ichidagi yo‘laklarga ham talablar belgilangan:

  • uzunligi 30 metrdan oshsa – kengligi kamida 1,6 metr;
  • 30 metrdan qisqa bo‘lsa – kamida 1,2 metr bo‘lishi lozim.

O‘rindiqlar joylashuvi ham tartibga solinadi. Agar chiqish yo‘li bir tomonga bo‘lsa, qatordagi o‘rindiqlar soni 50 tadan oshmasligi kerak. Ikki tomondan chiqish mavjud bo‘lsa ham shu cheklov saqlanadi.

Qatorlar orasidagi masofa 0,45 metrdan oshmasligi, yo‘laklar kengligi esa kamida 0,9 metr bo‘lishi belgilangan.

Bundan tashqari, inshootlarda ishlatiladigan materiallarga ham talab qo‘yilgan: metall qismlar zangga qarshi, yog‘och elementlar esa yong‘inga qarshi ishlovdan o‘tkazilgan bo‘lishi zarur.

Har bir inshootda «Elektr xavfi», «Evakuatsiya yo‘li» kabi xavfsizlik belgilarini o‘rnatish majburiy hisoblanadi. Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda odamlar tez chiqib ketishi uchun maxsus evakuatsiya yo‘laklari tashkil etilishi shart.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 28 metrdan baland binolarda yonuvchan materiallardan foydalanish taqiqlangani haqida yozgandi.