O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 7 foizga oshdi

2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 7 foizga oshdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot kotibi Dildora Xashimova ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yilning dastlabki uch oyida respublikada jami 23 mlrd 317 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 1 mlrd 471 mln kVt/soatga ko‘p. Shu davrda iste’molchilarga 20 mlrd 163 mln kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 262 mln kVt/soatga, ya’ni 1 foizga oshgan.
Energetika sohasida olib borilayotgan modernizatsiya ishlari va yangi generatsiya quvvatlarining ishga tushirilishi tizim barqarorligini oshirmoqda. Bu esa aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz elektr bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, murojaatlar bilan ishlash tizimi ham kuchaytirilgan. 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 16-martgacha bo‘lgan davrda kelib tushgan 33 mingdan ortiq murojaat qayta ko‘rib chiqilgan. Ularning 23 mingdan ziyodi o‘rganilib, yana 7 mingdan ortig‘i ijobiy hal etilgan. Natijada jami ijobiy yechim topgan murojaatlar soni 16 mingdan oshib, ulushi 48,8 foizga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 2026-yilda 885 ta noqonuniy energiya iste’moli holati aniqlangani haqida yozgan edi.