
AQShda noodatiy Chevrolet Camaro savdoga chiqarildi. 2010-yilgi modelga samolyot uchun mo‘ljallangan Boeing T50 turbina dvigateli o‘rnatilgan. Auksionda avtomobil uchun hozircha $25 ming atrofida taklif berilgan.
Mazkur loyiha Turbinaro nomi bilan tanilgan. U oddiy seriyali avtomobil emas, balki qariyb 9 yil davomida yaratilgan noyob kustom mashinadir. Keyinchalik mashhur bloger Cleetus McFarland tomonidan ham takomillashtirilgan. Avtomobilning eng asosiy farqi — klassik dvigatel o‘rniga aviatsiya turbinasining qo‘llanilganidir. Boeing T50 dvigateli reaktiv yoqilg‘ida ishlaydi va juda katta shovqin hamda yuqori yoqilg‘i sarfi bilan ajralib turadi. Shuningdek, unda forsaj rejimi ham mavjud.

Boshqaruv tizimi ham oddiy emas. Mashinada turbina uchun alohida panel o‘rnatilgan. Bu esa uni deyarli samolyotga o‘xshash boshqaruv tajribasiga yaqinlashtiradi. Texnik jihatdan Camaro uch pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Konstruktsiyada karbon elementlar qo‘llanilgan, sovutish tizimi kuchaytirilgan va rul boshqaruvi ham qayta ishlangan.
Shunga qaramay, bu avtomobil kundalik foydalanish uchun mo‘ljallanmagan. U ko‘proq shou-kar sifatida yaratilgan bo‘lib, kolleksionerlar va texnika ishqibozlari e’tiborini tortadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Onix avtomobilining tarixiy yo‘li haqida yozgan edi.