
Samsung kompaniyasi Samsung Galaxy S27 seriyasi doirasida to‘rtta modelni taqdim etishni rejalashtirmoqda. Ular Galaxy S27, S27+, S27 Pro va S27 Ultra bo‘lishi mumkin.
Eng qiziq yangiliklardan biri — Galaxy S27 Pro modeli. Ushbu qurilma Ultra darajasidagi ayrim funksiyalarni taklif qilishi kutilmoqda. Biroq u S Pen qurilmasiz chiqadi. S Pen esa faqat Ultra modelida qoladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy S27 Pro 200 MP asosiy kamera bilan jihozlanishi mumkin. Bu esa uni foto imkoniyatlari bo‘yicha flagman darajasiga yaqinlashtiradi. Shuningdek, modelda Privacy Display texnologiyasi ham bo‘lishi kutilmoqda. Bu funksiya ekranni yon tomondan ko‘rishni cheklaydi.

Galaxy S27 Pro Ultra modeliga qaraganda ixchamroq bo‘lishi mumkin. S Pen yo‘qligi sababli ichki joydan samaraliroq foydalanish imkoniyati paydo bo‘ladi. Natijada kattaroq batareya yoki yaxshilangan kamera tizimi joylashtirilishi mumkin. Bu qaror Samsung kompaniyasining Apple strategiyasiga yaqinlashayotganini ko‘rsatadi. Ya’ni kompaniya bazaviy, Plus, Pro va Ultra modellardan iborat to‘liq liniyani shakllantirmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung ayrim smartfonlarining narxini oshirishi haqida yozgan edi.