Avto

Smart #2 elektromobili qanday dizaynga ega — foto

Model 24-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan Pekin avtosalonida rasman taqdim etilishi kutilmoqda
Smart #2 elektromobili qanday dizaynga ega — foto
Foto: Dajia Cheyanlun

Smart brendining yangi Smart #2 elektromobili Xitoyda yo‘l sinovlari vaqtida suratga olindi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda. Model 24-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan Pekin avtosalonida rasman taqdim etilishi kutilmoqda.

So‘nggi yillarda Smart yirikroq avtomobillar ishlab chiqarishga o‘tgandi. 2019-yildan buyon kompaniya Geely va Mercedes-Benz o‘rtasidagi qo‘shma korxona sifatida faoliyat yuritmoqda. Shu davr ichida brend katta sedan va krossoverlarga e’tibor qaratdi. Masalan, joriy yilda uzunligi qariyb 4,9 metr bo‘lgan Smart #6 modeli ham taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Foto: Dajia Cheyanlun

Biroq yangi #2 modeli bilan Smart yana shahar uchun mo‘ljallangan ixcham avtomobillar segmentiga qaytmoqda. Dizayn jihatidan model avvalgi ForTwo‘ning ikkinchi avlodiga o‘xshash. Kuzovi qisqa, old qismi ixcham va faralari yumaloq shaklda ishlab chiqilgan. Yangi elektromobil ikki eshikli bo‘lib, kontrast rangdagi tom, katta yon oynalar va noodatiy eshik tutqichlariga ega. Zaryadlash portlari old qanotlarda joylashgan bo‘lishi mumkin. Sinovdagi model oddiy temir disklar bilan ko‘rindi, biroq seriyali versiyada yengil qotishmali disklar qo‘llanishi kutilmoqda.

Texnik jihatdan Smart #2 yangi ECA platformasiga quriladi. Unda Geely ishlab chiqqan elektr tizimi qo‘llanadi. Avtomobil orqa o‘qda joylashgan bitta elektr motor bilan harakatlanadi. Batareya sig‘imi 30 kVt⋅soat atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: Dajia Cheyanlun

O‘lchamlari ham shahar uchun mos. Model uzunligi taxminan 2,7 metrni tashkil etadi, g‘ildirak bazasi esa 1,9 metrga teng bo‘ladi. Smart rahbariyati kichik avtomobil yaratish katta modeldan ko‘ra murakkabroq ekanini ta’kidlagan. Shu sababli yangi #2 modeli kompaniya uchun strategik ahamiyatga ega.

Brend ushbu model orqali Xitoy bozoridagi savdolarni oshirishni rejalashtirmoqda. 2026-yilning dastlabki ikki oyida Smart Xitoyda atigi 2,9 ming dona avtomobil sotishga muvaffaq bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Smart Xitoy bozorida yirik modellari bilan kutilgan natijaga erisha olmayotgani haqida yozgan edi.