
Rolls-Royce Cullinan soliq qarzdorligi sabab sotuvga chiqarilib, auksionda boshlang‘ich narx deyarli 5 milliard so‘m etib belgilangan. Bu haqda e-auksion saytida e’lon qilindi.
Ushbu qaror Toshkent shahar soliq boshqarmasining ijro hujjatiga asosan amalga oshirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sotuvdagi avtomobil 2022-yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, tusi ko‘k rangda. U texnik jihatdan to‘liq soz holatda va atigi 4 284 kilometr masofa bosgan.
Biroq transport vositasiga bir nechta cheklovlar qo‘yilgan: notariuslar tomonidan o‘nlab, shuningdek, Majburiy ijro byurosining hududiy va markaziy bo‘limlari tomonidan ham taqiqlar mavjud. Bu holat avtomobilning qarzdorlik bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.
Lotning boshlang‘ich narxi 4,994 milliard so‘mni tashkil etadi. Auksionda qatnashish uchun esa taxminan 250 million so‘m miqdorida zakalat puli kiritish talab qilinadi.




Savdolar 1-may kuni soat 10:00 da boshlanadi. Ishtirok etmoqchi bo‘lganlar arizalarni shu kuni soat 9:00 gacha topshirishi kerak bo‘ladi. Mutasaddilar xaridorlarga avtomobilni oldindan ko‘zdan kechirishni tavsiya qilmoqda.
Hozirda ushbu hashamatli yo‘ltanlamas Chorsu bozori yaqinidagi avtoturargohda saqlanmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda soliq qarzlari va muammoli kreditlarni undirishda yangi tizim joriy etilishi haqida yozgandi.