Yangiliklar

Toshkentning ayrim hududlarida issiqlik ta’minoti bir kechaga to‘xtatiladi

8-aprel soat 00:00 dan 9-aprel 06:00 gacha
Toshkentning ayrim hududlarida issiqlik ta’minoti bir kechaga to‘xtatiladi / Foto: «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ

Toshkent shahrida 8-aprel kuni issiqlik tarmoqlarini yuqori bosim ostida sinovdan o‘tkazish ishlari amalga oshiriladi. Bu haqda Veolia Energy Tashkent ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, sinovlar 4-IM (M-0, M-1) hamda 5-IM (M-0, M-4) qozonxonalari boshqaruvidagi issiqlik tarmoqlarida o‘tkaziladi. Jarayon 2026-yil 8-aprel kuni tungi soat 00:00 da boshlanib, 9-aprel kuni soat 06:00 gacha davom etadi.

Ushbu sinovlardan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqaro xavfsizlik standartlariga muvofiq isitish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, mavjud nuqsonlarni aniqlash va qish mavsumida barqaror issiqlik ta’minotini yo‘lga qo‘yishdan iborat.

4-IM qozonxonasi hududida Amir Temur, Mustaqillik shohko‘chalari, Bog‘ishamol, Minor, Hamid Olimjon, Abdulla Qodiriy, Sebzor, Labzak, Qoraqamish kabi qator ko‘chalar va mavzelar qamrab olinadi. Shuningdek, mazkur hududda bir nechta dahalar va mavzelarda joylashgan issiqlik tarmoqlari ham sinovdan o‘tkaziladi.

5-IM qozonxonasi bo‘yicha esa Zargarlik, Lutfiy, Qatortol, Farhod, Cho‘ponota, Naqqoshlik, Do‘mbirobod, Al-Xorazmiy kabi ko‘chalar, shuningdek, Chilonzor dahasining bir qator mavzelari va boshqa hududlar qamrab olinadi.

Eslatib o‘tamiz, 24-martdan 1-maygacha Toshkentdagi magistral issiqlik tarmoqlarida qisqa tanaffuslar kuzatilishi haqida yozgan edik.