Avto

Yangi Kia Carnival O‘zbekistonda: avtomobil sotib olishga arziydimi

Texnik jihatdan avtomobil 3,5 litrli V6 benzin dvigatel bilan jihozlangan
Yangi Kia Carnival O‘zbekistonda: avtomobil sotib olishga arziydimi
Foto: Car and driver

Kia kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda yangi avlod Kia Carnival modeli taqdim etildi. Model ishlab chiqaruvchi tomonidan ulkan universal avtomobil sifatida pozitsiyalanmoqda.

Yangi Carnival tashqi ko‘rinishida sezilarli yangilanishlarga ega bo‘ldi. Old qismida vertikal faralar va «Yulduzlar xaritasi» uslubidagi kunduzgi chiroqlar qo‘llangan. Radiator panjarasi va himoya elementlari avtomobilga yanada kuchli va ishonchli ko‘rinish beradi. Orqa qismda esa minimalistik dizayn va yangi chiroqlar konsepsiyasi qo‘llanilgan.

Foto: Kia

Salon modelning asosiy ustunliklaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ichki makon keng va zamonaviy dizaynga ega. Markazda 12,3 dyuymli ikkita displey birlashtirilgan bo‘lib, multimedia va boshqaruv tizimlarini o‘z ichiga oladi. Atmosfera yoritgichi 64 xil rangda sozlanadi. Haydovchi uchun Ergo Motion o‘rindig‘i joriy etilgan. U havo kataklari orqali qulaylikni boshqaradi va uzoq safarlarda charchoqni kamaytiradi. Ikkinchi qatordagi o‘rindiqlar esa Relaxation Seat tizimi bilan jihozlangan. Xavfsizlik uchun markaziy yon yostiqcha ham qo‘shilgan.

Texnik jihatdan avtomobil 3,5 litrli V6 benzin dvigatel bilan jihozlangan. Uning quvvati 272 ot kuchiga teng. Dvigatel 8 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. Bu kombinatsiya harakatning silliqligi va barqaror dinamikani ta’minlaydi.

Foto: Kia

Model O‘zbekistonda uchta komplektatsiyada taklif etiladi. Comfort varianti 624 mln 900 ming so‘mdan boshlanadi. Luxe komplektatsiyasi 724 mln 900 ming so‘m, eng yuqori Prestige esa 834 mln 900 ming so‘m etib belgilangan.

Foto: Kia

Bozorda yolg‘iz emas

Shunday sig‘im va narx bilan mahalliy bozorda yana bir nechta avtomobillar mavjud. Masalan o‘zbekistonliklar 657 mln so‘m to‘lab Chevrolet Traverse avtomobilini xarid qilishi mumkin. U Carnival’ga qaraganda kengroq sig‘imni taklif etadi.

Foto: Chevrolet

Model 3,6 litrli dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, 318 ot kuchi ishlab chiqaradi. Avtomobil 9 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. Yukxona hajmi 651 litrdan 2781 litrgacha kengayadi. Yoqilg‘i sarfi o‘rtacha 10 litrni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Kia EV9 GT elektromobili sinovlarda g‘olib bo‘lgani haqida yozgan edi.