Avto

Yangi Mazda 2 va CX-3 avtomobillari qachon taqdim etiladi

Ular Avstraliya bozorida 2027-yilda paydo bo‘lishi kutilmoqda
Mazda 2
Foto: Mazda

Mazda kompaniyasi Mazda 2 va CX-3 modellari yangi avlodini taqdim etishni kechiktirdi. Bu haqda «Tarantas Nyus» nashri xabar bermoqda. Ular Avstraliya bozorida 2027-yilda (eng erta) paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Kompaniya vakillariga ko‘ra, ushbu modellarning yangi avlodi ustida ishlar olib borilmoqda. Biroq Mazda hozircha boshqa model qatorlariga ustuvor e’tibor qaratmoqda. Shu sababli taqdimot muddati surilgan. Shunga qaramay, amaldagi Mazda 2 va CX-3 modellari Avstraliyada sotuvda qoladi. Ular hozirda Tailandda ishlab chiqarilmoqda va bozorda barqaror talab saqlanib turibdi.

Statistikaga ko‘ra, o‘tgan yili Avstraliyada 4 346 dona Mazda 2 sotilgan. Bu ko‘rsatkich yiliga nisbatan 19 foizga kam. Model o‘z segmentida MG 3’dan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan. CX-3 esa kompakt krossoverlar orasida yetakchi bo‘lib qolmoqda. Uning sotuvi 15 429 donani tashkil qilgan, bu esa 16,4%ga pasayishni ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, ayrim bozorlarda eski modellardan voz kechilmoqda. Masalan, Yaponiyada CX-3 ishlab chiqarish to‘xtatilgan. Buyuk Britaniyada esa Mazda 2 ishlab chiqarishdan chiqarilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mazda CX-5 avtomobilining yo‘ltanlamas versiyasi paydo bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan edi.