Yangiliklar

Chet tillaridan C1 sertifikatiga ega yoshlarga o‘quv markaz ochish uchun imtiyoz beriladi

6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga BHMning 320 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda beriladi
o‘quv markazlari
Foto: Xalqta’liminfo

Prezident farmoni bilan chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini ochish va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha imtiyozlar doirasi kengaytirildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, shu yilning 1-may sanasidan boshlab yangi ishlanmalarga asoslangan spin-off korxonalari reyestri joriy qilinadi. Reyestrga kiritilgan va belgilangan tartibda patentlangan ilmiy tadqiqotlar natijasida yaratilgan ishlanmalar asosida mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalar va ularning xodimlariga 2017-yil 30-iyundagi PF–5099-son farmonda belgilangan imtiyoz va preferensiyalar tatbiq etiladi.

Shuningdek, patentsiz ilmiy tadqiqot natijasida yaratilgan ishlanmalar asosida mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalar 2026-yil 1-maydan 2029-yil 1-maygacha bo‘lgan davrda foyda solig‘ini belgilangan stavkadan 50% pasaytirilgan stavkada to‘laydi.

Olimlar va tadbirkorlar tomonidan davlat ilmiy dasturlari doirasida bajarilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar natijasida yaratilgan ishlanmalar bo‘yicha tajriba-sinov ishlariga ketadigan xarajatlar Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

Shuningdek, chet tillar bo‘yicha kamida C1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega yoshlar uchun olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini ochish imkoniyati yaratiladi. Bu uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga BHMning 320 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda beriladi va bu tartib 30 yoshdan oshgan shaxslarga ham tatbiq etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan OTMlar va ilmiy institutlar spin-off korxonalarini yaratish imkoniga ega bo‘lgani haqida yozgandi.