
Ikkilamchi bozorda xarid qilish uchun eng ishonchli hisoblangan nemis yo‘ltanlamaslari va krossoverlari ro‘yxati e’lon qilindi. Mashinalar J.D. Power sifati bo‘yicha 100 balldan kamida 80 ball to‘plagan.





2008-yilda ishlab chiqarilgan Mercedes-Benz M-Class eng eski, ammo sinalgan modellardan biri sanaladi. U 3,5 litrli V6 dvigateli va 268 ot kuchiga ega bo‘lib, J.D. Power reytingida 82 ball to‘plagan.





2013-yilgi Mercedes-Benz GLK-Class modeli 302 ot kuchini beruvchi 3,5 litrli V6 dvigatel bilan jihozlangan. Reytingda 85 ball olgan ushbu krossover so‘nggi yillarning eng chidamli Mercedes-Benz avtomobillaridan biri hisoblanadi.




2013-yilda chiqqan Porsche Cayenne ikkinchi avlod vakili bo‘lib, ro‘yxatdagi eng yuqori — 87 ballik ishonchlilik ko‘rsatkichini qayd etgan. U 300 ot kuchiga ega 3,6 litrli V6 dvigateliga tayangan holda harakatlanadi.





2015-yilgi Audi Q3 krossoveri sifat jihatidan 85 ball bilan baholangan. Avtomobil 200 ot kuchi quvvatini ishlab chiqaruvchi 2,0 litrli turbo dvigatelga ega bo‘lib, u bo‘yicha shikoyatlar juda kam qayd etilgan.





2017-yilda ishlab chiqarilgan BMW X3 modeli reytingda 86 ballni qo‘lga kiritgan. Uning 240 ot kuchiga ega 2,0 litrli turbo dvigateli o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatilganda muammosiz va barqaror ishlaydi.






2024-yilgi Volkswagen Tiguan ro‘yxatdagi eng yangi model bo‘lib, sifat va ishonchlilik bo‘yicha 81 ball olgan. Krossover 184 ot kuchini ta’minlovchi 2,0 litrli turbo dvigatel bilan jihozlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ford 250 mingdan ortiq yo‘ltanlamaslarini chaqirib olayotgani haqida xabar bergan edi.