
Xitoyning Geely kompaniyasi Galaxy A7 EV elektromobilining ilk rasmiy suratlarini e’lon qildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda. Model o‘rta toifadagi sedan bo‘lib, to‘liq elektr versiya sifatida taqdim etildi.
Yangi avtomobil dizaynida yopiq radiator panjarasi va zamonaviy chiroqlar qo‘llanilgan. Kuzov uzunligi 4 935 mm, kengligi 1 905 mm va balandligi 1 500 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi esa 2 845 mm. Bu ko‘rsatkichlar uni plagin-gibrid versiyadan biroz kattaroq qiladi. Salon dizayni asosan gibrid versiya bilan bir xil qolgan.

Model 10,2 dyuymli raqamli panel va 14,6 yoki 15,4 dyuymli markaziy displey bilan jihozlanadi. Unda Galaxy Flyme Auto aqlli tizimi ishlaydi. Tizim sun’iy intellekt asosida ovozli boshqaruvni qo‘llab-quvvatlaydi.
Avtomobil qo‘shimcha funksiyalar bilan ham boyitilgan. U panoramik kamera, 16 ta karnayli audio tizim, simsiz quvvatlash va ikki zonali iqlim nazoratiga ega bo‘ladi. Texnik jihatdan model 160 kVt quvvatli elektromotor bilan jihozlangan. Akkumulyator sig‘imiga qarab avtomobil 470 km yoki 550 km masofani bosib o‘ta oladi.


Geely Galaxy hozir Xitoyda eng ko‘p sotilayotgan elektromobil brendlaridan biri bo‘lib, yangi A7 EV kompaniyaning global bozordagi pozitsiyasini yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely yangi Atlas krossoverini taqdim etgani haqida yozgan edi.