
AQShda General Motors va Ford kompaniyalarining 2026-yil birinchi choragidagi savdolari pasaydi. Bu haqda Oneinvets.com nashri xabar bermoqda.
Ford hisobotiga ko‘ra, kompaniya AQShda 457 ming avtomobil sotgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 8,8 foizga kam. General Motors esa 626 ming dona avtomobil realizatsiya qilgan bo‘lib, bu 9,7 foizlik pasayishni anglatadi.
Ford vakillarining aytishicha, pasayishning asosiy sababi 2025-yil mart oyidagi keskin talab bo‘lgan. O‘sha davrda xaridorlar bojlar joriy etilishidan oldin avtomobil sotib olishga shoshilgan. Natijada butun bozor bo‘yicha bir oyda 18,4 mln avtomobil sotilib, 2021-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan. Shu sababli 2026-yil natijalari bilan solishtirish qiyinlashgan.

General Motors esa savdolarga qattiq qish ta’sir qilganini bildirdi. Yanvar va fevral oylaridagi og‘ir ob-havo sharoiti sotuvlar dinamikasini pasaytirgan.
GM’da esa chorak oxiriga kelib vaziyat yaxshilana boshladi. Mart oyida yetkazib berish hajmi fevralga nisbatan qariyb 18 foizga oshdi. Kompaniya vakillari dilerlik markazlarida mijozlar oqimi asta-sekin tiklanayotganini bildirgan.

Ford’da eng katta pasayish pikap segmentida kuzatildi. Xususan, F-Series savdosi 16 foizga kamaydi. Bu holat o‘tgan yil alyuminiy zavodidagi yong‘inlardan keyin ishlab chiqarish kechikishi bilan bog‘liq. Shunga qaramay, F-150 o‘z segmentida yetakchiligini saqlab qolmoqda. Kompaniya yilning ikkinchi yarmida tiklanishni kutmoqda. Shu bilan birga, yirik yo‘ltanlamas avtomobillarga talab hisobiga Ford bozor ulushini 11,6 foizgacha oshirdi.
Kompaniyalar aksiyalari qanday o‘zgardi

Fond bozorida esa Ford aksiyalari 6-aprel kuni biroz pasaydi va yil boshidan beri 12 foiz qiymatini yo‘qotdi. Tahlilchilar o‘rtacha $13,9 narxni prognoz qilmoqda, bu hozirgi darajadan qariyb 20 foiz yuqori. Analitiklarning aksariyati aksiyalarni portfelda ushlab turishni tavsiya qilmoqda.

General Motors aksiyalari esa dushanba kuni 1,2 foizga oshdi, ammo yil boshidan buyon 10 foizga pasaygan. Tahlilchilarning katta qismi kompaniya aksiyalarini sotib olishni tavsiya qilmoqda. O‘rtacha maqsadli narx $95,5 atrofida bo‘lib, bu hozirgi ko‘rsatkichdan 30 foiz yuqori.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri GM kompaniyasining avtomobili ishonchlilik testida yuqori baho olgani haqida yozgan edi.