
Google Yaponiyada Pixel smartfonlari 10 yilligiga bag‘ishlangan maxsus dizayndagi Pixel 10a Isai Blue Edition modelini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Yangi versiya odatiy ranglardan farqli o‘laroq, Isai – ya’ni individuallik g‘oyasiga urg‘u beradi va Heralbony brendi uslubini aks ettiradi. Qurilmada Google’ning Material You tizimi ishlatilgan bo‘lib, u foydalanuvchi tanlagan dizaynni interfeysga moslashtiradi. Uch xil dizayn to‘plami va to‘qqizta fon rasmi orqali ikonlar va ranglar avtomatik o‘zgaradi.
Smartfon mustahkam shisha bilan jihozlangan va orqa kamerasi butunlay tekis, chiqib turmaydigan dizaynda ishlab chiqilgan. To‘plamga dizayner Nozomi Fudzita tomonidan yaratilgan original stikyerlar hamda korpus rangiga mos bamper-g‘ilof kiritilgan.
Pixel 10a Isai Blue Edition allaqachon oldindan buyurtma uchun ochilgan. Qurilma 20-maydan boshlab sotuvga chiqadi va 256 GB xotirali yagona konfiguratsiyada 94 900 yen (taxminan $600) narxda taklif etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google Pixel 10a’ning asosiy xususiyatlari taqdimot oldidan oshkor qilingani haqida yozgandi.