
Google kompaniyasi iOS qurilmalari uchun «Google AI Edge Eloquent» nomli diktafoniya ilovasini ishga tushirdi. Ilova foydalanuvchilarga nutqni matnga aylantirish va uni professional ko‘rinishda saqlash imkonini beradi.
Ilova Gemma asosidagi avtomatik nutqni tanish (ASR) modellari bilan ishlaydi va foydalanuvchi matnni jonli ko‘rishi mumkin. Pauza tugmasi bosilganda ilova «um», «ah» kabi filler so‘zlarni avtomatik tarzda olib tashlaydi va matnni silliqlaydi. Transkripsiya ostida foydalanuvchiga «Asosiy nuqtalar», «Rasmiy», «Qisqa» va «Uzoq» kabi variantlar taklif qilinadi, bu esa matnni tez va qulay tarzda o‘zgartirish imkonini beradi.
Ilova offline rejimda ham ishlay oladi, shuningdek, Gmail hisobidan kalit so‘zlar, ismlar va jargonlarni import qilish, foydalanuvchining maxsus so‘zlarini qo‘shish imkoniyatini beradi. Transkripsiya seanslari tarixi saqlanadi va ular orasida qidiruv amalga oshirilishi mumkin. Ilova foydalanuvchining daqiqada aytilgan so‘zlar soni va jami so‘zlar miqdorini ham ko‘rsatadi.
App Store ta’rifida ilova tabiiy nutq bilan professional matn orasidagi farqni bartaraf etishga mo‘ljallangani, standart diktafoniya dasturlaridan farqli ravishda AI yordamida foydalanuvchining ma’nosini to‘liq qamrab olishi va ortiqcha fillerlarni avtomatik olib tashlashi ta’kidlangan.
Hozircha «Google AI Edge Eloquent» faqat iOS uchun mavjud bo‘lsa-da, Android versiyasining ham ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan. Android foydalanuvchilari uchun ilova default klaviatura sifatida ishlashi va suzuvchi tugma orqali har joydan transkripsiyaga kirish imkonini taqdim qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google Chrome’da video va audiolar uchun lazy loading joriy etilishi haqida xabar qilgan edik.