Yangiliklar

Hindistonda Covid davridagi zo‘ravonlik uchun 9 nafar politsiyachi o‘limga hukm qilindi

Huquq tashkilotlari har yili yuzlab odamlar qamoqda vafot etishini bildiradi
Hindistonda Covid davridagi zo‘ravonlik uchun 9 nafar politsiyachi o‘limga hukm qilindi
Foto: Frontline

Hindistonda 2020-yilda otasi va o‘g‘lining qamoqda vafot etishi bilan bog‘liq ish bo‘yicha 9 nafar politsiyachi o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

58 yoshli P. Jeyaraj va uning 38 yoshli o‘g‘li Beniks Tamil Nadu shtatida hibsga olingan edi. Ular Covid cheklovlari vaqtida mobil telefon do‘konini yopmagani uchun ushlangan. Oradan bir necha kun o‘tib, har ikkisi ham qamoqda vafot etdi.

Sud ma’lumotlariga ko‘ra, erkaklar kiyimlari yechdirilib, bir-birining ko‘z o‘ngida shafqatsiz kaltaklangan. Sudya bu holatni vakolatni ochiq suiiste’mol qilish deb baholagan. Ayblanuvchilar o‘tgan oy qotillikda aybdor deb topilgan edi. Endilikda ular hukm ustidan apellyatsiya berish huquqiga ega.

Sudya hukm chiqarishda ayblanuvchilarning yoshi yoki oilaviy holati yengillik bermasligini aytdi. Ular qurolsiz odamlarni kaltaklagani, barchasi ma’lumotli shaxslar ekani alohida qayd etildi. Ushbu ish bo‘yicha jami 10 nafar politsiyachi qo‘lga olingan edi. Ulardan biri 2020-yilda Covid sabab vafot etgan.

Mazkur holat Hindistonda politsiya zo‘ravonligi muammosini yana yoritib bermoqda. Huquq tashkilotlari har yili yuzlab odamlar qamoqda vafot etishini bildiradi. Ularning fikricha, so‘roq paytida qiynoqlar qo‘llash hali ham keng tarqalgan amaliyot bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Hindistonga kirishda qog‘oz DE-kartalaridan foydalanish to‘xtatilishi haqida yozgan edi.