
«Artemis-2» missiyasi astronavtlari Oy sirtidan 6,5 ming km balandlikda harakatlanib, sirtning batafsil tasvirlarini muhrladi. Oxirgi marta 1972-yilda «Apollon-13» missiyasi bu ishni bajargan edi.
Ekipaj tarkibiga NASA astronavtlari Rid Uayzmen, Viktor Glover, Kristina Kox hamda Kanada kosmik agentligi vakili Jeremi Xansen kirdi. Ular Yerdan 406,7 ming km masofaga uzoqlashib, «Apollon-13» tomonidan o‘rnatilgan rekordni taxminan 6,5 ming kmga yangiladi.

Orion kosmik kemasi Oyning orqa tomoniga o‘tgan vaqtda Yerdagi parvozlarni boshqarish markazi bilan aloqa rejalashtirilganidek 40 daqiqaga uzildi. Aloqa tiklanganidan so‘ng astronavt Kristina Kox: «Xyuston, Yerni qayta eshitish juda yoqimli», — deya ma’lum qildi.

Astronavtlar kraterlar va qotib qolgan lava oqimlarini Nikon va GoPro raqamli kameralari yordamida yuqori aniqlikda suratga olishdi. Hozirda astronavtlar Yerga qaytish yo‘nalishida harakatlanmoqda. Qaytish yo‘lida ekipaj a’zolari quyosh tutilishi hodisasini ham videotasvirga olishga muvaffaq bo‘ldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan NASA Marsda rekord darajada nikel topgani haqida xabar bergan edi.